Psiphon yana bir uchinchi tomon xavfsizlik tekshiruvini yakunladi
16/02/2018 - 2 daqiqalik mutolaa
Yangilangan: 04/06/2021
2017-yil iyun oyi oxirida Psiphon ochiq kodli dasturiy taʼminotni rivojlantirishga boʻlgan sodiqligini yana bir bor isbotladi (kod repozitoriymiz bilan bu yerda tanishishingiz mumkin), bunda xizmatlarimizning xavfsizlik auditini oʻtkazish Cure53 kompaniyasiga topshirildi. “Keng koʻlamli” deya taʼriflangan xavfsizlik tekshiruvini yakunlash uchun 22 kun va jami 9 nafar tester talab qilindi hamda Cure53 testerlari ishni juda sinchkovlik bilan bajardilar. Bu soʻnggi 3 yil ichida oʻtkazilgan ushbu turdagi 2- xavfsizlik auditimizdir (iSec tomonidan oʻtkazilgan 1-audit natijalarini bu yerda koʻrishingiz mumkin).
Hisobotda koʻlamga nimalar kiritilganligi quyidagicha taʼriflangan:
“Koʻlam doirasiga Psiphon dasturiy majmuasining koʻplab komponentlari, jumladan, tunnel yadrosi mijozi va serveri, kutubxona bogʻlamalari, Psiphon iOS ilovasi va eng muhimi, Psiphon iOS brauzeri kiritildi. Ushbu juda keng dastlabki shart va koʻlam turli sohalarda tegishli tajribaga ega boʻlgan ancha koʻp sonli testerlarni jalb qilish zaruratini tushuntiradi. Xulosa qilib aytganda, testlar kod auditi, amaliy kirib borish testlari, protokol va konfiguratsiya tekshiruvlari hamda kriptografik auditni oʻz ichiga oldi.”
Biz xavfsizlik auditi natijalaridan juda mamnunmiz va “eʼtiborga molik hech qanday xavfsizlik xatarlari aniqlanmadi” (19-bet) deb xabar berishdan faxrlanamiz. Shaffoflik tamoyiliga koʻra, toʻliq batafsil hisobotni pdf formatida bu yerda oʻqishingiz mumkin. Topilgan ikkita zaiflikdan biri allaqachon tuzatildi (va Cure53 tomonidan tasdiqlandi), ikkinchisini esa kelgusi nashrlarda bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrildi.
Testerlar, shuningdek, hisobotda sanab oʻtilgan yana 7 ta turli xil muammolarni qayd etishdi, ulardan toʻrttasi allaqachon bartaraf etilgan.
“Testerlar oʻtmishda oʻtkazilgan bir qator dasturiy taʼminot xavfsizligi auditlari dasturiy majmuaga katta foyda keltirganiga ishonch bildirdilar. Shuni taʼkidlash joizki, bu topilmalarda ham oʻz aksini topgan. Aniqlangan jami toʻqqizta muammodan faqat ikkitasi xavfsizlik zaifligi sifatida belgilandi va ularga eng past darajadagi “Axborotiy” jiddiylik darajasi berildi.”
Cure53 testerlari hisobot davomida kodning qanchalik toza va sifatga yoʻnaltirilganligini bir necha bor taʼkidlab, quyidagi xulosaga keldilar:
“Tizimni buzib kirishga urinish uchun salmoqli vaqt va xodimlar resurslari sarflanganiga qaramay, koʻlamga kiritilgan Psiphon komponentlari tekshiruvlarga bardosh berdi hamda hujumkor urinishlar qarshisida oʻzlarining mustahkam va ishonchli ekanligini koʻrsatdi. Xulosa shuki, eʼtiborga molik hech qanday xavfsizlik xatarlari aniqlanmadi.”
Umid qilamizki, ushbu hisobot siz uchun qiziqarli boʻladi va sizni har doim ochiq kodli hamda xavfsiz boʻlib qoladigan birinchi darajali dasturiy taʼminotni taqdim etishga sodiqligimizga ishontiradi.