Myanmadagi uzilish: Eski muammolar bilan yangi hikoya

26/07/2021 - 3 daqiqalik mutolaa

Yangilangan: 26/09/2021

 Myanmada 5 million foydalanuvchini qo‘llab-quvvatlash oson ish emas

Internet o‘chganda, dunyoning qolgan qismi bilan aloqa ham uziladi. Biz ko‘plab rejimlar jamoatchilik xabardorligini,  fuqarolik noroziligini va safarbarlikni bostirish usuli sifatida Internet senzurasidan foydalanishini bilamiz, tarmoqning uzilishi esa ko‘pincha yomon hodisalar yaqinlashayotganidan darak beradi. Bu esa atrofda yana noxush xabarlar poylayotganini anglatadi.  Myanmada routerlarning chiroqlari o‘chganida, millionlab birmaliklar uchun butun dunyo o‘zgarib ketdi...



“Karaxtlik va mutlaqo ishonmaslik” — yosh birmalik fevral oyidagi to‘ntarishdan keyingi vaziyatni shunday tasvirladi. “Men yo‘nalishimni yo‘qotdim”, shuningdek “ishimni ham”. Bunday sarosimaga tushgan faqat u emas edi: qariyb 2 million birmalik bor-yo‘g‘i bir necha kun ichida Psiphon tarmog‘iga oqib keldi.  Keyingi ikki oy ichida bu ko‘rsatkich 5 millionga yetdi. 


Quyidagi grafikda 2021-yil yanvar oyi oxiridan 2021-yil iyul oyi oxirigacha bo‘lgan Psiphon foydalanuvchilari soni ko‘rsatilgan.  3-fevraldagi (to‘ntarishga to‘g‘ri kelgan) va 2-maydagi, mobil xizmatlarning qayta yo‘lga qo‘yilishiga to‘g‘ri kelgan foydalanuvchilar sonining keskin o‘sishiga e’tibor bering. 



Psiphon foydalanuvchilari grafigi
17-may kuni Psiphon hamda Psiphon pro Myanmada eng ko‘p yuklab olingan ilovalar bo‘ldi va jami 1,7 milliondan ortiq yuklab olishni tashkil etdi (SensorTower.com).

Psiphon foydalanuvchilari grafigi

Xalqaro Internetga kirishni tiklash xarajatlari 


Foydalanishning bunday ulkan o‘sishini o‘ziga sig‘dira oladigan serverlar tarmog‘i mustahkam infratuzilmaga hamda odamlarga xalqaro Internetga kirish zarur bo‘lgan paytlar uchun katta zaxira sig‘imiga ega bo‘lishi kerak. Ammo senzura Internetni to‘sib qo‘yganida bu narsalar qanday ishlaydi? 


Internetni yo‘llar deb tasavvur qiling, Internetda kezayotgan odamlar esa bu yo‘llarda harakatlanayotgan haydovchilardir. Ba’zi yo‘llar shahar ichki yo‘llari bo‘lsa, boshqalari sizni mamlakatning boshqa qismlari bilan bog‘laydi. Senzura milliy yoki mahalliy magistrallarda harakatlanishni taqiqlashga o‘xshaydi. Bu sekin tezliklarni majburlab joriy etishdan tortib shahardan qanday chiqib ketish haqidagi yo‘l belgilarini olib tashlashgacha bo‘lgan turli usullarda amalga oshirilishi mumkin. 


Aynan shu paytda Psiphon kabi senzuraga qarshi vositalar ishga tushadi va yo‘llarni ochadi. Psiphon odamlarni xalqaro Internetga ulash uchun turli usullardan foydalanadi.


Psiphon tarmog‘i odamlarni ulaydigan va senzuraga uchragan kontentni yetkazib beradigan to‘qqizta alohida protokol asosida ishlaydi. Ushbu protokollar Psiphon tarmog‘ining o‘zida ishlatilganda, odamlar xalqaro Internetga kirayotganda tarmoq yuklamasini taqsimlashga va tirbandlikni kamaytirishga yordam beradi, bu esa yanada tezkor ulanish va ishonchli foydalanish tajribasini anglatadi.

Ushbu maxsus Internet erkinligi protokollari Psiphon kabi xizmatlarga taqdim etadigan moslashuvchanlik Internetga kirish cheklangan paytda Myanma, Belarus yoki Ozarbayjondagi odamlarning chaqiriqlariga javob berish imkonini yaratadi, biroq buning haqiqiy narxi bor; Psiphon tarmog‘i orqali o‘tadigan har bir bayt bir qator tijoriy tarmoqlarni kesib o‘tadi va ularning har biri serverlar hamda tarmoq infratuzilmasi uchun o‘z narxini belgilaydi.


Ehtiyoj va xarajatlar muvozanati


Tarmoq kerak bo‘lgan har qanday vaqtda millionlab foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lishini ta’minlash butun dunyo bo‘ylab senzura bilan kurashayotgan Internet erkinligi hamjamiyati uchun eng katta qiyinchiliklardan biri bo‘lib qolmoqda.  


Har qanday boshqa erkin kirish imkoniyatiga ega xizmat ko‘rsatuvchi provayder kabi, Psiphon ham Myanmada kuzatilgan butun aholi miqyosidagi bunday keskin o‘sishlarni cheksiz muddat ushlab tura olmaydi va bir vaqtning o‘zida yuz beradigan bir nechta shunday to‘lqinlarni qo‘llab-quvvatlay olmaydi. Bu haqiqatan ham achinarli, chunki bu eng kerak bo‘lgan paytda ko‘plab odamlarning ochiq Internetga kirish bo‘yicha so‘nggi umidlarini yo‘qotishini anglatishi mumkin.  


Axir, Internet erkinligi asosiy inson huquqi bo‘lsa-da, u mutlaqo tekin emas.


Ishtirok eting


Internet erkinligi barcha uchun huquqdir, ammo oramizdan faqat ozchiligimiz senzura qo‘llanadigan hududlardagi odamlarga ochiq internetga kirishda yordam berish imkoniyatiga egamiz. Ulardan biri bo‘ling.


Nima qila olasiz? Myanmadagi internet bilan bog‘liq vaziyat haqida gapirib xabardorlikni oshiring va do‘stlaringiz hamda axborot erkinligiga befarq bo‘lmagan insonlar bilan ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda suhbatlashishga boshqalarni ham taklif qiling. Shuningdek, muhtoj odamlarga yordam beradigan Psiphon kabi vositalarni bevosita qo‘llab-quvvatlashingiz mumkin. Agar Myanmada bo‘lmasangiz, Psiphonga obuna bo‘ling. Internetda axborot olish huquqidan mahrum bo‘lgan barchani qo‘llab-quvvatlashingiz ular uchun juda katta ahamiyatga ega, shuningdek, senzura zulmatiga yorug‘lik olib kirish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilayotgan insonlar uchun ham katta ma’noga ega.

OʻchirishlarMyanmaPsiphon VPN

Keyingisini oʻqing